Loyiha haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 21-oktabrdagi PF-5850-sonli hamda ” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-sonli farmonlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Atamalar komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risi” 2024-yil 18-sentabrdagi 589-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi faoliyati yanada takomillashtirilgan va Komissiya tarkibi qayta tasdiqlangan.
Mazkur qarorda Atamalar komissiyasining asosiy vazifalari belgilab berilgan bo‘lib, ilmiy asoslangan yangi so‘z va atamalarni rasmiy muomalaga kiritish; o‘zbek tiliga kiritilayotgan yangi atamalarni qonunchilik hujjatlariga tatbiq etish va amalda qo‘llashning huquqiy muammolarini o‘rganish, ushbu sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash; normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida atamalarning qonunchilik hujjatlarida qabul qilingan ma’nosiga muvofiq yagona shaklda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash choralarini ko‘rish; yangi so‘z va atamalarni qo‘llash sohasida boshqa tillarning qoidalari tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish ham Komissiyaning asosiy vazifalaridan sanaladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 20-oktabrdagi PF-6084-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rayosatining 2023-yil 5-yanvardagi 1-sonli majlisi bayoni 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida belgilangan topshiriqlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlari rejasi”da qayd etilgan topshiriq yuzasidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida “Yangi so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobilini sun’iy intellekt asosida avtomatik taqdim qiluvchi atamacom.uz dasturiy ta’minoti platformasi va mobil ilovasini yaratish” mavzusidagi loyiha amalga oshirilgan.
Loyihaning maqsadi Sun’iy intellekt yordamida matnlarda uchraydigan yangi so‘z va atamalarni aniqlovchi va ularning muqobil varianti bilan ma’lumotlar bazasiga uzatuvchi sintezator yaratishdan iborat. Unga ko‘ra o‘zbek tiliga yangi kirib kelgan so‘z va atamalarning muqobil varianti leksikon bazasiga biriktirilib, tarjimon va tilshunoslar uchun kontekstologik statistik ma’lumotni qayta ishlash tizimi yaratiladi. Mazkur tizim (platforma)ni yaratish uchun sohaviy ixtisoslashgan matnlarni analiz qiluvchi target model tajribasi asosida amalga oshirildi.
Loyihada ko‘p bosqichli NLP (tabiiy tilni qayta ishlash) jarayoni amalga oshirildi. Chunki platforma sohaviy atamalar bazasini boshqarish tizimi, matnlarni tahrirlash imkoniyati, morfoanalizator yordamida so‘zlarni grammatik tahlil qilish, sohaviy terminologiyani fanlararo solishtirish, yangi ma’lumotlarni kiritishda yangi so‘z va atamalarning tarjima muqobillarini ekspert tizimiga yuborish va doimiy ma’lumotlarni yangilab borish, sun’iy intellekt orqali matn tasnifi va leksik ma’lumotlar bazasini yaratishning avtomatlashtirishga erishish, AI (sun’iy intellekt) yordamida berilgan atamaga mos so‘zni muqobil (alternativ) so‘zni baholangan holatda taklif berish funksiyasini bajaradi.
Loyihaning ilmiy qiymati sun’iy intellekt usuli yordamida matnli ma’lumotlarning statistik indikatorlar yordamida yangi so‘z va atamalarni tahlil qilib, ularning sohaviy mosligini aniqlash orqali o‘zbekcha so‘zlarning muqobilini aniqlovchi algoritmlar va dasturiy ta’minotni ishlab chiqishdan iborat.
Loyihaning amaliy qiymati – sun’iy intellekt usulini qo‘llagan holda ishlab chiqilgan matnli ma’lumotlarni qayta ishlovchi lingvistik analizator yordamida yangi so‘z va terminlarning muqobilini aniqlash va ularning tarjimasiga ko‘maklashuvchi sun’iy intellekt texnologiyasini yaratishdan iborat.
Tadqiqot yakunida “Yangi so‘z va atamalarning o‘zbekcha muqobilini sun’iy intellekt asosida avtomatik taqdim qiluvchi atamacom.uz dasturiy ta’minoti platformasi” yaratildi. Mazkur platforma (atamacom.uz) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasining asosiy vebsayti sifatida faoliyat koʻrsatadi. U oʻzbek tiliga kirib kelayotgan yangi soʻz va atamalarning oʻzbekcha muqobilini tavsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, atama so‘zlar va terminlarni aniqlash hamda ularga tizim zaxirasi asosida izohlarni taklif etish bilan ham ahamiyatlidir.